Ishonch telefoni: 1146 Telefon: +99871 202-10-59
2023-10-26 Brifing 660


I.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 376-son qaroriga muvofiq, chekka va olis hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida  qiymati 50,0 mln.so‘m miqdoridagi loyihalar tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 42 nafar tadbirkorlik sub’yektlari ishtirok etdi.
Loyihalar komissiya a’zolari tomonidan Nizom talablariga muvofiq o‘rganilib, g‘oliblar aniqlandi. 10 ta hududdan bittadan eng yaxshi deb topilgan jami 10 nafar tadbirkorlik sub’yektlarining har biriga 50 million so‘mdan grant mablag‘lari ajratilishi belgilandi.
Tanlov g‘oliblarining ro‘yxati bugun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.


II.  Ma’lumki, mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. O‘zbekistonning aynan shu yo‘nalishdagi pozisiyasi qator xalqaro reytinglarda bosqichma-bosqich yaxshilanib bormoqda. 
O‘zbekiston 2022 yildagi Global innovasion indeksida  4 pog‘ona yuqorilab, 82-o‘rinni egalladi va bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Joriy yilda O‘zbekiston Ochiq gender ma’lumotlar indeksida 69,7 ball to‘plagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan 2023 yilda shakllantirilgan (SDG index) hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 166 ta mamlakat orasida 71,1 indeks bilan reytingidagi mavqei 8 pog‘onaga ko‘tarilib 69-o‘rinni egalladi. O‘zbekistonda so‘nggi yilda ko‘rsatkichlarida o‘sish qayd etilgan 10 ta maqsadlardan gender tengligiga erishish 5-maqsad hisoblanadi.
III.   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  300-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida O‘zbekiston pozisiyasini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 23 avgustdagi 197-son Farmoniga muvofiq, Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatiga kiritilgan.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksi xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va gender tenglik masalalarini erkin harakat, mulkka egalik qilish, ishga joylashish, mehnatga haq to‘lash, oila, ota-onalik qilish, tadbirkorlik hamda pensiya ta’minoti kabi 8 ta indikatorga asosan o‘rganadi.
Mazkur Indeksning 2023 yil natijalariga ko‘ra, mamlakatimiz 70,6 ball bilan 134-o‘rinni egallab kelmoqda. 
Indeks doirasida nisbatan past baholanib kelinayotgan tarkibiy indikatorlarda mamlakatimiz ko‘rsatkichlarini oshirish, indeks bilan ishlashda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda zaruriy chora-tadbirlar belgilandi.
Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksga mas’ul bo‘lgan ekspertlari ishtirokida ushbu indeksda O‘zbekiston pozisiyasini yaxshilash, shuningdek, 2023 yilgi hisobot natijalariga ko‘ra indeksda past baholangan indikatorlar bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan ishlar va islohotlar yuzasidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Shu bilan birga Qo‘mita tomonidan mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va islohotlar haqida ma’lumotlar umumlashtirilib, Jahon bankining tavsiyasi asosida “Ayollar, biznes va qonun” indeksi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni hisobga olish portaliga kiritildi.